Javob tezligi
Shtatdagi buxgalter yaqinroqdek tuyuladi: qoʻshni xonada oʻtiradi. Lekin amalda unga baribir Telegramda yozishadi, u esa boʻshaganda javob beradi. Hujjatlar allaqachon Didox va 1Cda, qogʻoz koʻtarib yurish shart emas. Demak, yoningizda oʻtirishi ham shart emas.
Muhimi boshqa: savoldan javobgacha qancha vaqt oʻtadi. Toʻlovni bank yopilgunicha oʻtkazish kerak boʻlsa, toʻrt soatdan keyin kelgan javob bir kunni boy berish degani.
Bitta odamga bogʻliqlik
Dekret, pensiya, kasallik, oilaviy sabablar: shtatdagi buxgalter ertami-kechmi ketadi, hisob esa yarim yoʻlda qoladi. Autsorsing kompaniyasida ish bitta odamga bogʻliq emas.
Yangi qonunlar va imtiyozlar
Qoidalar tez-tez oʻzgaradi, yangi nizomlar eʼlondan bir necha kun oʻtib chiqadi. Joriy ish bilan band shtatdagi buxgalter ularni har doim ham kuzatmaydi. Tadbirkor imtiyoz haqida Instagramdan bilib qoladi va «buxgalter nega indamadi?» deb hayron boʻladi.
Soliqni qonuniy kamaytirish
Buxgalterning vazifasi hisobotni vaqtida topshirish va jarimaga yoʻl qoʻymaslik. Kamroq toʻlash yoʻllarini izlash odatda uning vazifasiga kirmaydi. Yaxshi autsorsing kompaniyasi buni xizmat qismiga aylantiradi.
Xatolar uchun javobgarlik
Shtatdagi buxgalter xato qilsa, jarimani korxona toʻlaydi. Autsorsing kompaniyasi bilan shartnomada javobgarlikni yozib qoʻyish mumkin: xato bizdan boʻlsa, jarima ham bizdan.
Qachon baribir shtatdagi buxgalter kerak
Hisob juda katta boʻlib, bir necha kishining toʻliq kunini talab qilsa, ichki boʻlim oʻzini oqlashi mumkin. Lekin unda ham autsorsing tekshiruv uchun foydali: yangi koʻz oʻz buxgalteringiz koʻrmay qoʻygan narsani topadi.

